Bolani boshqa sinfga yoki maktabga ko‘chirish mumkinmi?

07.09.2023 09:52
eye icon1410
Bolani boshqa sinfga yoki maktabga ko'chirish mumkinmi?

Sinfdan-sinfga yoki boshqa maktabga o'tish tartibi qanday? Kimga murojaat qilinadi? O'quvchi xorijdagi maktabdan O'zbekistondagi maktabga ko'chirilganda u erdagi maktabda o'qiganligini tasdiqlovchi hujjat bo'lishi sharmi? Ota-onalar nima qilishi kerak? hudud24.uz shular haqida batafsil huquqiy ma'lumot beradi.

1. Bolani boshqa sinfga o'tkazish mumkinmi?

Ota-onalar o'z xohishiga ko'ra o'quv yili davomida yoki u tugaganidan so'ng farzandini sinfdan sinfga o'tkazish huquqiga ega. Ya'ni har qanday ota-ona yoki uning o'rnini bosuvchi shaxslar bola manfaatlarini ko'zlab bolani boshqa sinfga o'tkazishi mumkin va buning uchun hech qanday to'lov talab qilinmaydi, bu bo'yicha hech qanday cheklov yo'q.

2. Kimga murojaat qilinadi?

Ota-ona maktab direktoriga ariza bilan murojaat qilishi kerak bo'ladi. Direktor esa arizani 1 ish kuni ichida ko'rib chiqadi va bolani boshqa sinfga o'tkazish bo'yicha buyruq chiqaradi. Agar boshqa sinfda bola uchun joy bo'lmasa (sinfdagi o'quvchilar soni belgilangan me'yordan ortiq bo'lgan taqdirda) maktab direktori ota-onalarga 3 kun ichida yozma ravishda rad javobini beradi.

3. Ariza qachon ko'rib chiqiladi?

Ota-onalar ko'chirish sabablarini ko'rsatgan holda ariza yozadi.

Direktor arizani 1 ish kuni ichida ko'rib chiqadi va boshqa maktabga taqdim etish uchun “maktabdan ketish taloni” beradi.

Boshqa maktabning direktori esa ariza bilan “maktabdan ketish taloni”ni qabul qilib, ota-onaga bolaning oldin ta'lim olgan maktabiga taqdim etish uchun “maktabga kelish taloni”ni beradi.

Bolaning oldin ta'lim olgan maktabi direktori “maktabga kelish taloni”ni qabul qilib, o'quvchini maktab o'quvchilari safidan chiqarish to'g'risida buyruq qabul qiladi va ota-onalarni buyruq bilan tanishtirib, qo'l qo'ydirgandan so'ng, ota-onaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

o'quvchining maktab o'quvchilari safidan chiqarilganligi to'g'risidagi buyruqdan ko'chirma;

o'quvchining baholar (o'zlashtirish) tabeli;

o'quvchining tibbiy kartasi.

Ushbu hujjatlarni qabul qilib olgan boshqa maktab direktori esa shu kunning o'zida o'quvchini maktab o'quvchilari safiga qabul qilish to'g'risida buyruq chiqaradi.

4. Bolani chet eldagi maktabga ko'chirish mumkinmi?

Ota-onalar o'qish, ishlash, uzoq muddatli davolanish yoki boshqa maqsadlarda doimiy yoki vaqtincha yashash uchun xorijiy davlatga ketayotgan bo'lsa, farzandini doimiy yoki vaqtincha yashash uchun ketayotgan davlatdagi ta'lim muassasasiga o'tkazish huquqiga ega.

Buning uchun, ota-ona maktab direktoriga ariza bilan murojaat qilishi kerak, ammo arizaga Bolalar masalalari bo'yicha tuman (shahar) komissiyasining bolani maktab o'quvchilari safidan chiqarish uchun roziligi aks etgan qaroridan ko'chirma ilova qilinishi kerak.

Arizani olgan direktor 1 ish kuni ichida tegishli buyruq chiqaradi.

5. Chet eldagi maktabdan O'zbekistondagi maktabga ko'chirsa-chi?

Ota-onalar xorijiy davlatda ta'lim olgan O'zbekiston Respublikasi fuqarosi bo'lgan farzandini O'zbekiston Respublikasidagi maktabga o'tkazish huquqiga ega.

Buning uchun, ota-ona maktab direktori quyidagi hujjatlarni taqdim qilishi kerak:

ota-ona tomonidan maktab direktori nomiga ariza;

bolaning xorijiy davlatda ta'lim olganligi haqidagi hujjatning (hujjatlarning) asli va notarial tasdiqlangan tarjimasi;

bolaning sog'lig'i to'g'risida tibbiy ma'lumotnoma.

Hujjatlarni qabul qilgan maktab direktori 1 ish kuni ichida bolani maktabga qabul qilish to'g'risida buyruq chiqaradi.

 

6. Xorijdagi maktabda o'qiganligini tasdiqlovchi hujjat bo'lishi sharmi?

Bolaning xorijiy davlatda ta'lim olganligi haqidagi hujjat mavjud bo'lmaganda, maktab direktori bolani uning yoshi va bilim darajasiga mos sinfga qabul qilishi lozim.

Qo'shimcha ma'lumotlar

O'quvchilarni sinfdan sinfga va bir maktabdan boshqasiga o'tkazish bepul amalga oshiriladi.

O'quvchilar boshqa maktabga ko'chsa yoki boshqa sinfga o'tsa, ta'lim olish tilini erkin tanlash huquqiga ega.

Jinoyat sodir etgan voyaga etmaganlarni maktab o'quvchilari safidan chiqarish Bolalar masalalari bo'yicha tuman (shahar) komissiyasining roziligi bilan amalga oshiriladi.

Dilmurod TILOVOV tayyorladi

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img