Telefonga mukkasidan ketayotgan bolalar muammosi qanday hal qilinadi?

10.03.2022 20:03
eye icon1784
Telefonga mukkasidan ketayotgan bolalar muammosi qanday hal qilinadi?

So'nggi vaqtlarda bir holatga juda ko'p marotaba ko'zimiz tushadi. Aksariyat yosh ota-onalar farzandining “tinchishi”, xarxasha qilmasligi uchun ularga smartfonlarida o'yinlar qo'yib berishadi. Dastlab farzandining bilmay turib o'yinni alg'ov-dalg'ov o'ynashiga kulib qo'ygan ota-ona keyinchalik “bola tushmagur, mendan ham yaxshi tushunadi bu matohni”, deyishadi. Xo'sh, bu aslida quvonarli holmi yoki ayanchli. Bolalarning gadjetlarga mukkasidan ketishi masalasida professional psixolog, ota-ona va bola munosabatlari bo'yicha mutaxassis Karina Rixterning bergan ma'lumot va tavsiyalarini siz azizlarga taqdim etamiz.

Mutaxassisning qayd etishicha, bolalarning bo'sh vaqtlarida shug'ullanadigan mashg'ulotlari barcha davrlarda ota-onalarni tashvishga solib kelgan. Xususan, bundan 50-70 yil oldin ona-otalar o'z farzandlariga kitob o'qishni qat'iy tarzda taqiqlab qo'yishgan. Chunki bu ularning ko'rish qobiliyatiga salbiy ta'sir ko'rsatadi, deb hisoblangan. Ammo bolalarning kitoblarga bo'lgan muhabbati ularga qo'yilgan taqiqdan ustun kelgan va ular kitobni ko'rpa ostida fonar bilan o'qiganlar. Bugungi kunda ota-onalar farzandlarini gadjetlardan uzoq tutishga intilishmoqda. Lekin ularning o'zlari har daqiqada Telegram yoki Instagramga “sho'ng'ib”, bu borada farzandlariga teskari o'rnak bo'lishadi.

Bolalarni qo'ya turing, smartfonlar ba'zi kattalar uchun ham qaramlikka aylandi. Agar ular virtual hayotdan voz kechsa yoki biroz vaqt internet, telefonsiz qolsa, o'zlari istamagan holda qandaydir noqulaylik yoki etishmovchilikni his qilishadi. Va ular bolalardan gadjetdan ko'ra kitoblar, jismoniy o'yinlarga va real hayotda do'stlar orttirishni kutishadi. Bu huddi o'g'rining “halol bo'linglar”, degan gapiga o'xshab ketmayaptimi?

Smartfonlarga qaramlik kattalardan boshlanayotgan bo'lsa-da, bolalardagi gadjetlarga nisbatan ehtiyoj ota-onalarga qaraganda jiddiyroq bo'ladi. Bunga esa quyidagi omillar sabab bo'ladi.

Bolalar o'zlarini qanday boshqarishni bilmaydi

Bu bolalarning miya qismi bilan bog'liq. Bolalarda o'z-o'zini nazorat qilish va har tashqi omillarni inkor qilish qobiliyati uchun mas'ul bo'lgan korteks sohalari etarli darajada shakllanmagan bo'ladi. Ular faqat o'smirlik davrining oxirida, ya'ni taxminan 20 yoshda to'liq shakllanadi.

Bolalar o'zlari qiziqqan narsaga osongina tobe bo'ladi

Bolalar o'yinchoqlardan minora qurish uchun bir necha soat sarflashlari mumkin. Bu borada ular o'zlari xohlagan natijaga erisha olishmasa, bu turdagi o'yinlardan osongina voz kechishadi. Ammo cheksiz o'yinlar va ijtimoiy media tasmalariga ega smartfon har qanday bolada qiziqish uyg;otadi. Bir o'yindan zerikkan bola boshqa o'yinda o'zini sinab ko'rishi yoki nisbatan kattaroq yoshdagi bolalar TikTok, YouTube kabi video platformalarda multfilm va qiziqarli videolar tomosha qilishi mumkin.

Bolalar ishlashdan ko'ra zavqlanishni afzal ko'radi

Umuman olganda, bu nafaqat bolalar, balki kattalar ruhiyatiga ham xosdir. Har qanday odam ishlash yoki o'qishdan ko'ra o'yin-kulgini afzal ko'radi. Smartfon esa ularning asosiy manbaidir.

Atrofdagi muhit qulay bo'lmasa, bolalar smartfonning muqobil realligini afzal ko'radilar

Avvallari buning uchun kitob va filmlar chiqarilgan. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar va ko'ngilochar xizmatlarning virtual muqobili har qanday mos dunyoni tanlash va o'zni o'zgartirmasdan xohlagan odamga aylanish imkonini beradi. Gadjetlar bugungi kunda bolalarni virtual olamga olib boradigan va ularning e'tiborini to'liq o'ziga tortadigan makonga aylanmoqda.


Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, smartfonlardan ortiqcha foydalanish boladagi o'zlashtirish qobiliyatini kamaytirib, kognitiv qiziqishni pasaytiradi va diqqat etishmasligi buzilishiga olib kelishi mumkin.

Boshqa tomondan, smartfonlar hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Agar bolada gadjet bo'lmasa, u jamoadan ajralib qoladi, so'nggi ma'lumotlardan bexabar qoladi.

Bundan tashqari, gadjetlar ta'lim platformalariga kirishni ham ta'minlaydi. Ya'ni onlayn tarzda o'rganishga va turli ko'nikmalarni rivojlantirishga yordam beradi. Aslida muammo bolaning smartfoni borligida emas, balki uning haqiqiy hayotini almashtirib yuborishidadir. Xo'sh, buni qanday tuzatish kerak?

O'zingizdan boshlang

Agar bola ota-onasini doimo kompyuter qarshisida yoki qo'lida telefon bilan ko'rsa, u bulardan namuna oladi va butun vaqtini gadjetga bag'ishlaydi.

Gadjetlardan chalg'itish uchun foydalanmang

Agar bolaga erta yoshdan boshlab gadjet zerikish bilan kurashishning eng yaxshi usuli ekanligi o'rgatilsa, vaqt o'tishi bilan faqat unga bog'lanib qolishi mumkin. Shuning uchun bolalaringiz xafa bo'lganda yoki yig'lab, xarxasha qilganda, qo'liga telefon tutqazish orqali “tinchitishga” harakat qilmang.

Vaqtni emas, balki mazmunni nazorat qiling

Farzandingiz gadjetlardan qancha vaqt foydalanishini cheklamang. (Albatta, jo'z nuriga zarar etadigan daraadagi ko'p vaqt bundan mustasno). Ta'lim, turli dasturlar va foydali videolar uchun hech qanday cheklov o'rnatmang. Faqat ko'ngilochar content masalasida vaqtga jiddiy e'tibor qaratish lozim. Bundan tashqari bolaga vaqtni behuda ketkazuvchi o'yinlarning o'rniga tillarni o'rgatuvchi, mantiqiy fikrlashni rivojlantiruvchi o'yinlarni taklif qilish ham samara berishi mumkin.

Muqobil o'yinlarni taklif qiling

Bolalar o'ziga qanday g'amxo'rlik qilishni bilishmaydi. Ularga buni o'rgatish kerak. Farzand zerikkanida nima qilishi mumkinligi haqida o'ylab ko'rish lozim. Kitob, do'stlar bilan sayr qilish zerikishdan chalg'itishi mumkin. Ularga virtuallikning o'rnini bosa oluvchi muqobil variantlarni bering.

Gadjetlarsiz hududlarni o'rnating

Misol uchun, telefondan ovqatlanish vaqtida, ko'chada sayr qilib yurganda, dars tayyorlayotganda foydalanish mumkin emas deb belgilang. Qoidalar barcha oila a'zolariga tegishli bo'lishi kerak. Agar bolaga telefon bilan tushlik qilishiga ruxsat bermasangiz, lekin o'zingiz bu vaqtda smartfoningizdan bosh ko'tarmasangiz, bu cheklovdan natija bo'lmaydi. Xuddi shu narsa kontentga ham tegishli: agar oddiy o'yinlar yoki Instagramda do'stingizning shaxsiy hayotini kuzatib o'tirsangiz, boladan jamiyat, tabiat haqida nimadir tomosha qilishini also kutmang.

Agar ishingiz internet bilan bog'liq bo'lsa, telefon yoki noutbuk ekrani oldida ko'p vaqt o'tkazsangiz, bolaga aynan nima qilayotganingizni ko'rsating. U sizni shunchaki internetni kuzatish emas, balki ishlayotganingizni ko'rishi kerak. Bunday holda bolada gadjetlarga ish quroli sifatida munosabat ham shakllanadi va u ularni o'yin-kulgining yagona manbai sifatida qabul qilish borasidagi fikrlarni yo'qqa chiqaradi.

Internet manbalari asosida tayyorlandi.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img