Yozgi sog'lomlashtirish davri maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalarni sog'lomlashtirish va chiniqtirish ishlarini tashkil etish uchun eng qulay vaqtdir. Yoz oylari bolalarning tevarak-atrofga bo'lgan munosabatlarini oydinlashtirish, o'z ishlaridan va tabiatdan zavqlanish imkoniyatlarini yaratish bilan birga, ularning jismoniy va aqliy salohiyatlarini yana bir karra oshiradi. Shu bilan birga bola organizmining jismonan sog'lom bo'lishi va chiniqishi uchun zaruriy sharoitlardan foydalanish mumkin.
Yozgi sog'lomlashtirish tadbirlari samarali o'tishi MTTlarning mavsumga o'z vaqtida va puxta tayyorgarlik ko'rishiga ham bog'liqdir. Reja asosida tashkil etilgan chiniqtirish, sog'lomlashtirish, ko'ngilochar tadbirlar bolalarni jismoniy va psixik rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Navoiy shahridagi 21-son DMTTda “Yozgi sog'lomlashtirish mavsumini tashkil etishda pedagoglar bilan o'zaro hamkorlik” mavzusida tashkil etilgan seminar ham ayni shu masalalarni o'z ichiga qamrab oldi.
Dastavval, Maktabgacha ta'lim tashkilotida yozgi sog'lomlashtirish ishlari asosan tarbiyalanuvchilarning salomatligini mustahkamlash, ertalabki badantarbiya, uyqudan keyingi jismoniy faollik, nafas mashqlari, havo vannalari, jismoniy mashqlar, tomoqni chayish, quyosh va suv bilan chiniqtirish, harakatli o'yinlar, sayr, ota-onalar va pedagoglar bilan hamkorlikda yozgi sog'lomlashtirish mavsumini tashkil etish masalalari bo'yicha fikr almashildi.
So'ngra, tashkilot psixologi Z.Nasriddinova seminar ishtirokchilariga “Kayfiyat” va “Kimga qanday meva yoqadi?” mavzusida psixologik trening o'tkazdi. Tarbiyachi Yu. Igamova tomonidan “G'uncha” katta guruh tarbiyalanuvchilari bilan 5 ta markazlarda mashg'ulotlarni namunali o'tib berdi.
Hamshira tomonidan kun tartibi asosida bolalar navbatma-navbat cho'milish xavfzasida “Suv, quyosh, havo tanamizga bo'lar davo!” shiori ostida cho'milishlarini va ularning chiniqishlarini nazoratga olib turdi. Dastur yakunida badiiy qism sifatida tarbiyalanuvchilar tomonidan “Buxorocha raqs” va sopoldan yasalgan qushchalar ijrosida qushlar ovozi ijro etib berildi. Yakunda seminar ishtirokchilari o'z fikr mulohazalari bilan o'rtoqlashdilar.
Dilmurod TILOVOV,
Bolalarolami.uz muxbiri